PIMENOV VASILIY MARKELOVICH
gvardiya kichik serjanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (10.01.1944)
1911-yil 19-martda Preobrajenka qishlog‘ida tug‘ilgan (hozirgi – Saratov viloyatining Pugachev tumani). Boshlang‘ich maktabni tamomlaganidan so‘ng O‘zbekistonda bo‘yoqchi bo‘lib ishlagan.
1942-yilda Pimenov Buxoro viloyati Kogon harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. Shu yilda Ikkinchi Jahon urushida qatnashgan. Voronej frontining 3-gvardiya tankchilar armiyasi 6-gvardiya tankchilar korpusi 272-gvardiya minamyot polkining minomyot hisobi komandiri bo‘lgan. Dnepr uchun jangda jonbozlik ko‘rsatgan.
1943-yil 22 sentabrda Pimenovning hisobi Ukraina SSRning Cherkas viloyati Kanevsk tumani Grigorovka qishlog‘i yaqinida Dneprni kechib o‘tadi va g‘arbiy sohilidagi platsdarmni egallash va qo‘ldan boy bermaslik uchun olib borilgan janglarda faol qatnashadi, jangda 4 ta og‘ir pulemyotni va dushmanning vzvodga teng piyodalarini yo‘q qiladi. 1943-yil 29-sentabrda hisob dushman qurshovga tushib qolganida, Pimenov bo‘linmasi bilan qurshovni yorib chiqishga muvaffaq bo‘ladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 10 yanvardagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya kichik serjanti Vasiliy Markelovich Pimenov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1981-yilda Saratov viloyatining Pugachevskiy tumani Preobrajenka qishlog‘ida vafot etgan.