YEVROPA OZODLIGI YO'LIDA
1944-yil kuz oylarining o‘rtalarida SSSR chegaralari butunlay tiklandi. Dushman quvib chiqarildi. Lekin Sovet mamlakati hududini ozod qilish ayni vaqtda qo‘shni Polsha, Ruminiya, Bolgariya, Yugoslaviya, Vengriya, Chexoslovakiya, Avstriya davlatlari hududlarini ham ozod qilish bilan birgalikda olib borildi. Sovet qo‘shinlari kirib borgan mamlakatlar aholisining mutloq ko‘pchiligi nemis-fashist bosqinchilari rejimini qabul qilmagan edi. Shuning uchun ham sovet qo‘shinlari Sharqiy Yevropaga ozod qiluvchi armiya sifatida kirib borgan edi
Prussiya jangi – 1944-yil 22-iyundan 16-avgustgacha davom etgan. Ittifoq qo‘shini eng ulkan qarshi yurish boshlaydi. Unga ko‘ra, Prussiya hamda Polshada o‘rnashgan 100 ta fashist harbiy bo‘linmasi yo‘q qilinishi ko‘zlangan.
Gitler Germaniya Markaziy Armiyasiga chekinish to‘g‘risidagi buyruqni yubormadi. Natijada, armiya tamomila tor-mor qilinadi. Germaniya harbiylarining 800 mingdan ortig‘i qirib tashlangan, yaralangan va asirga olingan. Ittifoq qo‘shinlarida halok bo‘lganlar, yaralanganlar 1,3 mln kishini tashkil qildi. Bu Ikkinchi jahon urushidagi Germaniya armiyasida boshlangan ilk “sinish” bo‘ldi.
O‘zbekistonliklar. Ularning safida yurtimiz o‘g‘lonlari ham Polsha, Ruminiya, Bolgariya, Yugoslaviya, Vengriya, Chexoslovakiya, Avstriyani ozod qilishga hissa qo‘shdi. Bu mamlakatlarni ozod qilishdagi jasoratlari uchun T.Ahmedov, T.Boboev, U.Xasanov, B.Boboev, P.Nurpeysov, T.Nazarov, A.Rahimov, M.Fayozov, Sh. Umarov, A.Qurbonov, B.Kazakov, A.Eshonqulov va boshqa jangchilar Qahramon unvoni, 2 430 nafar hamyurtimiz “Budapeshtni ozod qilish uchun” medali, 1 706 kishi “Berlin zabt etilgani uchun”, 109 mingdan ortiq kishi “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” medali bilan taqdirlandi.
Janglarda 9 marotaba yarador bo‘lishiga qaramasdan serjant B. Axmedov Yevropani ozod etishda ishtirok etgan.
O‘zbekistonlik A.Velechko, G.Cavosskiy, E.Xakimovlar sharqiy yevropa mamlakatlarining deyarli barchasidagi janglarda ishtirok etganlar.
Birinchi o‘zbek generali, 57–gvardiyachi diviziyaning qo‘mondoni Sobir Rahimov Polshada shonli xotira qoldirdi. Uning diviziyasi Kavkazdan Sharqiy Prussiyagacha bo‘lgan masofani shiddatli janglar bilan bosib o‘tdi. Ko‘rsatgan harbiy mahorati uchun ko‘p martalab hukumat orden va medallari bilan taqdirlandi. 1943-yil martda unga general-mayor unvoni berildi. 1943-yil maydan 1944-yil aprelgacha muddatda Sobir Rahimov Moskvadagi Oliy harbiy Akademiyada ta’lim oldi. U Akademiyani tamomlab, avval Belorussiyani ozod etishda, so’ngra Polshaning Grudzyandz, Gnev, Starograd, Dzyaddovo shaharlarini ozod etish uchun bo‘lgan janglarda sarkardalarga xos harbiy san’atni namoyish etdi. 1945-yil 26-martda Gdansk shahrini ozod etish uchun bo‘lgan jangda general Sobir Rahimov halok bo‘ldi. Sobir Rahimovga vafotidan so‘ng Qahramon unvoni berildi. Polsha xalqi o‘zbek xalqi kabi general Sobir Rahimov nomini e’zozlab kelmoqda. Gdansk shahridagi ko‘chalar, maktablarga Sobir Rahimov nomi berilgan.
O‘zbekistonda tashkil etilgan 298-gvardiyachi o‘qchi diviziyasi, 16-gvardiyachi Uman mexanizatsiyalashgan diviziyasi va 30-gvardiyachi Taganrog o‘qchi diviziyasi jangchilari Janubi-sharqiy Yevropa xalqlarini ozod qilishda shonli jangovar yo‘lni bosib o‘tdilar. Ular Ruminiya, Bolgariya, Yugoslaviya, Vengriyani ozod qilishda ishtirok etdilar. Faqat “Budapeshtni ozod qilish uchun” medali bilan hamyurtlarimizdan 2430 nafari mukofotlandi. Shu bilan birga Polsha, Vengriya, Chexoslovakiyaning sharqiy qismi va Avstriya ozod qilindi.