"O‘ZBEKISTON URUSH BOSHLANISHI ARAFASIDA" VIDEO LAVHA

       O‘zbekiston aholisi  ommaviy quloqlashtirish hamda  qatag‘on siyosatidan so‘ng 30-yillarning yakuni va 40-yillarning boshlarida muvaqqat tinchlik sharoitida asta-sekin o‘zini tiklab, bunyodkorlik  bilan faol shug‘ullanishga kirishdi.
      Bu davrga kelib O‘zbekiston qishloq va shaharlari qiyofasi o‘zgara boshladi. 1936-yilning 5-dekabrida Qoraqalpog‘iston ASSR O‘zbekiston tarkibiga kiritilgan bo‘lsa, 1938-yilning 15-yanvarida Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari tuzilgan. 1941-yilning 6-martida Buxoro viloyati tarkibidagi Surxondaryo hamda Farg‘ona viloyati tarkibidagi Andijon va Namangan viloyatlari ajralib chiqdi. O‘zbekistonda ko‘plab yangi shahar va qishloqlar tashkil topdi.
        1939-yil 20-iyunda O‘zbek davlat musiqali teatri negizida O‘zbek davlat opera va balet teatri tashkil qilingan (1948-yildan Alisher Navoiy nomi bilan atala boshlandi). 1939-yili Farg‘ona vodiysida Log‘on kanali qazilgan. 1939-yilning
       1-avgustidan 17-sentabr kuniga qadar 45 kunda hashar yo‘li bilan uzunligi 170 km bo‘lgan, 500 000 gektardan ko‘proq yerni sug‘orish imkoniyatiga ega «Katta Farg‘ona kanali» qurib ishga tushirildi.

FOTO LAVHALAR

     1940-yil 9-yanvar O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya Qo’mitasining Fan qo‘mitasi SSR Fanlar akademiyasining O‘zbekiston filialiga aylantirildi. 1940-yil 8-may kuni O‘zSSR Oliy Sovetining lotin yozuvidan kirill (rus grafikasi) asosidagi o‘zbek yozuviga o‘tish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. 1940-yilda “Toshtekstilmash” zavodi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi, Angren ko‘mir koni va Boysun toshko‘mir koniga asos solindi.
O‘zbekistonda bu davrga kelib hashar yo‘li bilan xalq qurilishlari usuli keng yoyildi. Katta Farg‘ona kanalidan so‘ng, Shimoliy hamda Janubiy Farg‘ona kanali, Xorazmda Toshsoqa kanali, Kampirrovot to‘g‘oni, Qoraqalpog‘istonda V.I.Lenin nomidagi katta kanal, Toshkent kanali va boshqa irrigatsiya inshootlari qurib bitkazildi.
      1940-1941-yillarda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo viloyatlaridan kesib o‘tib, Toshkentdan Termizgacha bo‘lgan Katta O‘zbekiston trakti ishga tushirildi. Shuningdek, 1939-yil birinchi navbatda Chirchiq GESi va azot-o‘g‘it kombinati qurib bitkazildi.
     1941-yil yanvarda yirik sanoat korxonasi Chirchiq elektr kimyo kombinati ishga tushirildi. O‘zbekistonda avj olgan hamda o‘zbek xalqining bunyodkorlik faoliyati keng quloch yoygan bir sharoitda jahon siyosiy maydonida katta o‘zgarishlar yuz bera boshladi.
1939-yilning 1-sentabrida fashistlar Germaniyasining Polshaga bostirib kirishi bilan Ikkinchi jahon urushi boshlandi. O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi arafasi va urush boshlangan dastlabki davrlarda – besh yillik (1938-1942 y.) davomida yuqorida sanab o‘tganimiz kabi ko‘plab yirik sanoat va boshqa korxonalar qurib bitkazilib, ishga tushirilgan.

Abdulla ORIPOV, O‘zbekiston Qahramoni

Ozod O‘zbekiston bosh egib bu kun,
Shahid farzandlarin nomlarin yo‘qlar.
Qay biri bedarak, qay biri beun,
Uzoq sarhadlarda jimgina uxlar.

Manguga tinmishdir qalb tug‘yonlari,
Endi xotirangiz yo‘ldoshdir bizga.
Xalqimning fidoyi, mard o‘g‘lonlari,
Ollohning rahmati yog‘ilsin sizga.