ZINENKO IVAN GORDEYEVICH
serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (01.07.1944).

1921-yil 21-iyulda Isakli (hozirgi Samara viloyati) qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabning oltinchi sinfini tugatgan. Armiya safiga chaqirilishdan oldin Samarqandda yashab, mehnat qilgan. 1940-yilda Samarqand harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan.
1941-yil iyundan Ikkinchi jahon urushida qatnashib, janglarda uch marotaba yaralangan. Belorussiya va Ukraina SSR hududlarida, Moskva uchun janglarda, Leningrad qamalida qatnashgan. 1944-yil yanvarda serjant Ivan Zinenko Leningrad frontining 2-zarbali armiyasi 760-tankga qarshi artilleriya polkining to‘p komandiri bo‘lgan. Leningrad qamalinining yakunida jonbozlik ko‘rsatgan.
1944-yil 22-yanvar kuni Leningrad viloyati, Lomonosov tumani, Vitino qishlog‘i yaqinida uning artilleriya-hisobi, ilg‘or o‘qchi harbiy qismlarning jangovar tartibida hujumga o‘tayotgan o‘z bo‘linmalarni qo‘llab-quvvatlab turdi. Nemis qo‘shinlarining navbatdagi qarshi hujumi vaqtida to‘p oldida yolg‘iz qolib, ikki marta dushman qarshi hujumini qaytaradi va asosiy kuchlar kelgunicha 4 ta tankni yakson qilib, o‘z pozitsiyani qo‘ldan boy bermaydi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 1-iyuldagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, serjant Ivan Gordeyevich Zinenko Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1968-yil 25-aprelda vafot etgan va Samara shahar qabristoniga dafn qilingan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI

"Jangovar xizmatlari uchun" ORDENI

"Leningrad mudofaasi uchun" ORDENI