ZAVRAJNOV NIKOLAY NIKOLAYEVICH
podpolkovnik, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (28.04.1945)

1923-yilda Orenburg viloyatining Krasnogvardeyskiy tumanidagi Grachevka qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Yashkin o‘rta maktabini tamomlagan. 1941-yil iyun oyida Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. 1942-yil yozda Kuybishev harbiy havo-desantchilar bilim yurtini tamomlagan. O‘sha yilning sentyabr oyidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Ukrainaning Shimoli-G‘arbiy, Janubiy, 4, 3 va 2-frontlaridagi janglarda qatnashgan. Kavkaz, Qrimni ozod qilish, Ukraina va Moldova SSR, Ruminiya, Vengriya, Yugoslaviya, Avstriya uchun janglarda qatnashgan. 1945-yil yanvarda gvardiya kapitani Nikolay Zavrajnov 2-Ukraina frontining 46-armiyasi 12-hujum muhandis-sapyor brigadasining 59-alohida hujum muhandis-sapyor batal’onining rotasiga komandirlik qilgan. Budapeshtga hujum paytida jonbozlik ko‘rsatgan.
Budapesht uchun jangda Zavrajnov rotasi dushman sim to‘siqlarida 196 ta o‘tish joyi ochib beradi va dushman tomonidan egallab olingan 5 ta binoni portlatadi, 3 ta mina maydonlarni tozalaydi, 65 ta xonadonlarni egallaydi, dushmanning o‘nlab askari va ofitserlarini yo‘q qiladi. Janglarning birida Zavrajnov 5 – jiddiy jarohatini oladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 28-apreldagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya kapitani Nikolay Nikolayevich Zavrajnov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Toshkentda yashagan. 1980-yil 15-iyunda vafot etgan va Toshkent birodarlar qabristonidagi qahramonlar xiyoboniga dafn etilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI