UZOQOV ОBLОQUL URAZBAYEVICH

gvardiya serjanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (15.01.1944)

   1922-yil 10-aprelda Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Karatep qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. O‘zbek. O‘zbekiston davlat universitetining 3-kursini tamomlagan. 1941-yildan Qizil Armiya safida xizmat qilgan. 1943-yil avgustdan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.
   62-gvardiya otliq polkining (Markaziy frontning 61-armiyasi 7-gvardiya otliq korpusi 1-gvardiya otliq diviziyasi) 1-eskadron bo‘linmasi komandiri serjant Оblоqul Uzoqov Chernigov viloyatidagi janglarda va Dneprni kechib o‘tishda jonbozlik ko‘rsatadi. 1943-yil 19-sentabrda Ukrainaning Chernigov viloyati Klochkov qishlog‘i yaqinidagi janglarda fashist o‘qchilari 1-eskadronga oldinga harakatlanishga imkon bermadi. U dushman pozitsiyalariga sezdirmasdan emaklab borishga muvaffaq bo‘ladi va dushman askarlariga qarata granata otib, avtomatdan ularni o‘qqa tutadi, natijada olti nafar dushmanni yo‘q qiladi va uchtasini asirga oladi.
   1943-yil 20-sentabrda “1-May” sovxozi uchun jangda dushman pulemyotiga yaqin kelib, granata yordamida uni hisobi bilan yo‘q qiladi. Shu kuni Chernish qishlog‘idagi janglarda dushmanning 35 nafardan ortiq askarini qirib tashlaydi.
   1943-yil 28 sentabrga o‘tar kechasi Dnepr daryosidan kechib o‘tib, 1-eskadronning kechib o‘tishiga to‘sqinlik qilayotgan dushman pulemyot hisobini yo‘q qiladi.
   SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 15-yanvardagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya serjanti Oblokul Urazbayevich Uzoqov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
   1955-yil 26-iyulda Samarqand viloyatida vafot etgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI