USMONOV JO’RAXON
katta serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (15.01.1944)
1923-yil 12-fevralda Xovost tumanining Savat qishlog‘ida (hozirgi Sirdaryo viloyati) dehqon oilasida tug‘ilgan. O‘zbek. O‘rta maktabni tugatgan. F.E.Dzerjinskiy nomli jamoa xo‘jaligi komsomol tashkilotining kotibi bo‘lgan.
1942-yil mart oyida Qizil Armiya safiga chaqirilgan.
1942-yilda 237-o‘qchi polki vzvod komandirining yordamchisi lavozimigacha ko‘tarilgan. Qisqa muddatli kichik leytenantlar kurslarini tamomlagan.
1943-yil 29-sentabrga o‘tar kechasi, leytenant Ozerovning vzvodi Belarussiyaning Gomel viloyati, Loyev tumani, Karpovka qishlog‘i yaqinidagi Soj daryosini kechib o‘tadi. Daryodan o‘tib, kichik platsdarmni egallashga muvaffaq bo‘lishadi. Dushman qo‘shinlari o‘ttizdan ortiq qarshi hujumlarni uyushtiradi. Guruhdan faqat to‘qqiz kishi tirik qoladi, o‘q-dorilar tugaydi. Jang tinganda Jo‘raxon Usmonov jang maydonidagi o‘qlar va granatalarni yig‘ishni taklif qiladi. Yig‘ilgan o‘qlar qo‘shimcha kuch yetib kelgunicha as qotadi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944 yil 15 yanvardagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, katta serjant Usmanov Jo‘raxon Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1944-yilning oxirida og‘ir yaralanib Toshkent shahridagi evakuatsiya gospitaliga yuboriladi, olgan jarohatining asoratlardan 1945-yil 14-fevralda vafot etadi. O‘z ona qishlog‘ida dafn etilgan.