TROSHKOV ALEKSANDR DANILOVICH 

oddiy askar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi,Sovet Ittifoqi Qahramoni (24.03.1945)

1904-yilda Turkiston o‘lkasining Sirdaryo viloyati Amudaryo bo‘limi Shabbaz (hozirgi Qoraqalpog‘istonning Beruniy shahri) qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabning beshinchi sinfini tamomlagach, jamoa xo‘jaligida ishlagan.
1943-yilda Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. O‘sha yilning oktyabr oyidan Ikkinchi jahon urushida jangga kirgan.
1944-yil dekabrga 2-Ukraina fronti 46-armiyasi 99-o‘qchi diviziyasining 1-o‘qchi polkining pulemyot rotasining pulemyotchisi bo‘lgan. Vengriyani ozod qilishda jonbozlik ko‘rsatgan.
1944-yil 5-dekabrda (Vengriyaning Erchi shahridan 3 km shimolda joylashgan) Mariaxaz qishlog‘i xududida Dunay daryosini birinchilardan bo‘lib kechib o‘tadi va piyodalar hujum qilishlari uchun ularning yonalishidagi dushmanning uchta o‘q otish nuqtasini pulemyot o‘qi bilan yo‘q qiladi.
O‘sha kuni dushmanning 6 ta tank bilan himoyalangan qarshi hujumini qaytarish mobaynida o‘z pozitsiyasini qo‘ldan boy bermaydi. Dushman tanklarining yaqin kelishlarini kutib, hujumga o‘tadi va ularni yakson qilishda davom etadi. Jangda og‘ir yaralanganligiga qaramay, dushman chekingunicha jangni davom ettiradi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, oddiy askar Troshkov Aleksandr Danilovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Qahramonga mukofotni taqdim etishning imkoni bo‘lmadi. U G‘alaba kunini gospitalda qarshi oldi. 1946-yil 13-aprelda vafot etdi.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

HUJJATLAR