PAVLOV YURIY NIKOLAYEVICH
leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (13.09.1944)
1922-yil 16-fevralda Xitoyning Urumchi shahrida tug‘ilgan. Maktabning yettinchi sinfini tugatgandan so‘ng Qarag‘onda MES da ishlagan. 1941-yil iyun oyida Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. 1942-yilda Olma-ota piyodalar bilim yurtini tamomlagan.1943-yil noyabr oyidan Ikkinchi jahon urushida qatnashgan.
1944-yil martda 2-Ukraina frontining 52-armiyasi 254-o‘qchi diviziyasi 929-o‘qchi polkida rota komandiri bo‘lgan. Ruminiyani ozod qilishdagi janglarda jonbozlik ko‘rsatgan. 1944-yil 30-martda Pavlovning rotasi Prut daryo hududida nemis mudofaasini yorib kirib, Kirpitsi (hozirgi-Yassidan 12 km shimolda joylashgan Viktoriya) qishlog‘ini ozod qilishda fa’ol ishtirok etadi. Keyingi hujumda Pavlovaning rotasi Jijiya daryosidan kechib o‘tib, muhim tepalikni egallab oladi va nemislarning yettita qarshi hujumini qaytadi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 13-sentyabrdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, leytenant Yuriy Nikolayevich Pavlov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1946-yilda Pavlov katta leytenant unvonida zahiraga bo‘shatilgan. Olma-ota shahrida yashab, faoliyat yuritgan. 2003-yil 6-iyunda vafot etdi va Olma-otaning markaziy qabristoniga dafn qilingan.