ABDULLAYEV SAMIG‘ FAYZULLAYEVICH
serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (16.05.1944)
1917-yilda Toshkent shahrida dehqon oilasida tug‘ilgan. O‘zbek. O‘rta maktabning 7-sinfini va Toshkent rassomchilik bilim yurtini tamomlagan.
1938-yildan quruqlikdagi qo‘shinlar safida xizmat qilgan. 1941-yilning iyunidan Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan.
97-alohida motorlashtirilgan muhandislik-sapyorlar bataloni (Shimoliy Kavkaz fronti)ning bo‘linma komandiri lavozimida xizmat qilib, 1943-yilning kuzida Kuban daryosi va Taman yarimorolini ozod qilinishi uchun kechgan janglarda jonbozlik ko‘rsatdi.
1943-yilning 16-sentabrida, “Krasniy” qishlog‘i hududida, dushmanning shiddatli hujumi ostida tunda sapyorlar 97 ta dushman minalarini topib yo‘q qiladi, ulardan 37 tasini Abdullayev shaxsan o‘zi zararsizlantirib tanklar uchun yo‘l ochib beradi. Biroq tez orada brigada oldida yangi to‘siq paydo bo‘ldi. Fashistlar daryoning narigi tomonidagi ko‘prikni portlatishdi. Abdullayevning bo‘linmasi uch soat ichida dushman o‘qi ostida daryo kechuvini qayta tikladi va tanklarning oldinga harakatlanishini ta’minladi. Ertasi kuni Abdullayev shaxsan boshqa bir ko‘prik portlashining oldini olib, ko‘prik tayanch qismiga emaklab bordi va yonayotgan bikford simini kesib tashladi. Bu vazifani bajarish vaqtida Abdullayev yarador bo‘ladi, ammo jang maydonini tark etmaydi.
Serjant Abdullayev 16-sentabrdan 9-oktabrgacha bo‘lgan vaqtda dushmanning shiddatli hujumlari ostida umumiy hisobda 3000 ga yaqin turli xil minalarni, shu jumladan, 39 ta qazib bo‘lmaydigan minalarni, 34 ta kutilmagan minalar (mina syurpriz) ni topdi va zararsizlantirdi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 16-maydagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, serjant Abdullayev Samig’ Fayzulovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Urushdan keyin serjant S.F.Abdullayev demobilizatsiya qilindi. 10 yil davomida O‘zbekiston Rassomlar uyushmasiga raislik qildi. 1956-yildan O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi rahbari lavozimida faoliyat yuritdi. Toshkent shahrida yashab, 1998-yilda vafot etdi.