ZAVARZIN NIKOLAY IVANOVICH
Mayor Zavarzin Nikolay Ivanovich, 1919-yil 15-martda Qozog‘iston SSR Aktyubinsk viloyatining Aleksandrovka qishlog‘ida tug‘ilgan, millati rus, ma’lumoti o‘rta, 1937-yilda Kustanay viloyat texnikumining bitta bosqichini tamomlagan.
1941-yilning iyun oyidan 1942-yilning aprel oyiga qadar Janubiy-g‘arbiy front tarkibidagi IIXK qo‘shinlari 169-o‘qchilar polkida rota starshinasi lavozimida xizmat qiladi. 1942-yilning iyul oyida IIXK Oliy maktabini tamomlagandan so‘ng Moskva harbiy okrugining 10-zaxira armiyasida IIXK maxsus bo‘limi tergovchisi lavozimiga tayinlanadi. 1943-yilda Janubiy va Stalingrad frontlari tarkibidagi 5-zarbdor armiyada IIXK maxsus bo‘limi to‘suvchi otryadi boshlig‘i, 1943-yil iyunda 1, 2, 3 va 4-Ukraina frontlari tarkibidagi 221-o‘qchilar diviziyasida “SMERSH” kontrrazvedka bo‘limida katta operativ vakil, 1943-yil noyabrdan 1945-yil mayga qadar 2-Belorus, Boltiqbo‘yi, Baykalbo‘yi frontlari tarkibidagi 221-o‘qchilar diviziyasida “SMERSH” kontrrazvedka bo‘limi katta operativ vakili lavozimlarida xizmat qiladi.
Harakatdagi armiya tarkibida fashizmga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etganligi uchun va xizmat faoliyati davomida “Qizil Yulduz”, “II darajali Vatan urushi” ordenlari, “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Stalingard mudofaasi uchun”, “Kenigsbergni ishg‘ol etganligi uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun”, “Armiya va Flotga 30 yil” medallari bilan taqdirlangan.