NAZMUTDINOV TIMUR GARAFUTDINOVICH
starshina, Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi “Shuxrat” ordenining to‘liq sohibi (19.04.1945)

1924-yil 27-dekabrda, hozirgi Tatariston Respublikasining Kaybitskiy tumanidagi Shusherma qishlog‘ida, neftchi oilasida tug‘ilgan. Tatar.
1932-yilda ota-onasi bilan Farg‘ona viloyatiga ko‘chib kelgan. 7-sinfni tugatgan. Farg‘ona geologik qidiruv partiyasida burg‘alash bilan ishlagan.
1942-yil avgustda Qizil Armiya safiga chaqirilib, zaxira polkida orudiya yo’naltiruvchisi mutahassisligini o‘rgangan. Shu yilning noyabr oyidan boshlab janglarda qatnashgan. G‘arbiy, 1-Boltiq va 3-Belorusiya frontlarida jang qilgan. Rjev yaqinidagi janglarda qatnashgan, Smolensk va Belorusiyani ozod qilgan va 1944-yilning yoziga qadar 45 millimetrli orudiyaning komandiri bo‘lgan.
1944-yil 13-iyulda Dundari qishlog‘ida (Minsk viloyatining Vileika tumani) jangda dushmanning 1 ta pulemyot hisobini va guruhga teng piyoda askarlarining safdan chiqarib, o‘z bo‘linmalarining harakatini rivojlanishini va qishloqni bosib olishini ta’minlagan.
1944-yil 21-iyuldagi buyruq bilan serjant Nazmutdinov Timur Garafutdinovich III-darajali “Shuxrat” ordeni bilan mukofotlangan.
1944-yil 1-noyabrda Beta (Latviya) aholi yashash punkti uchun bo‘lgan jangda serjant Nazmutdinov orudiyadan o‘t ochib dushmanning 2 ta pulemyot hisobini yo‘q qiladi. Qarshi hujumni qaytarishda yaralanadi, ammo jangni davom ettiradi.
1945-yil 16-yanvardagi buyruqqa binoan serjant Nazmutdinov Timur Garafutdinovich II-darajali “Shuxrat” ordeni bilan taqdirlangan.
1945-yil 1-fevralda Zandlyak qishlog‘i (Bartenshtayn shahridan janubi-sharqda – hozirgi Bartoshishe, Polsha) yaqinida dushman tankini yakson qilib, dushmanning qarshi hujumini to‘xtatadi. 9-fevral kuni Kobbelbude (Bartenshtayn shahrining shimoli-g‘arbida) qishlog‘i uchun jangda 2 ta dushman pulemyotini yakson qilib, o‘qchi batalyonining oldinga harakatini rivojlanishiga yordam beradi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 19-apreldagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, serjant Nazmutdinov Timur Garafutdinovich I-darajali “Shuxrat” ordeni bilan tardirlangan.
1946-yilda zaxiraga bo‘shatilgan. Andijon viloyati, Marhamat tumani, Polvontosh qishlog‘ida yashagan. Neft quduqlarni ta’mirlash bo‘limida ishlagan.
1977-yil 26-oktabrda vafot etgan.

"SHUXRAT" ORDENINING TO'LIQ SOHIBI