IRGASHEV KADIR RASULEVICH
Polkovnik Irgashev Kadir Rasulevich, 1918-yil 9-noyabrda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, 1936-yilda o‘rta maktabning 10-sinfini, 1953-yilda Toshkent yuridik institutini tamomlagan.
1939-yilning oktabr oyidan 1942-yilning aprel oyiga qadar Xarkov aloqa harbiy-aviatsiya va Xarkov harbiy tibbiyot bilim yurtlari kursanti bo‘lgan. O‘qishni tamomlagandan so‘ng G‘arbiy front tarkibidagi 326-o‘qchilar diviziyasining 1097-o‘qchilar polkida 13-alohida o‘t ochuvchi rota feldsheri lavozimiga tayinlanadi. 1942-yilning avgust-noyabr oylarida 1736-sonli evakuatsiya gospitalida davolanadi. Salomatligini tiklagandan so‘ng Moskva harbiy okrugi 4-texnika brigadasiga 12-batalonning sanitariya-degazatsiya punkti boshlig‘i etib jo‘natiladi. 1944-yilning yanvar oyidan 1945-yilning noyabr oyiga qadar 100-gvardiya o‘qchilari diviziyasidagi 178-alohida tibbiyot-sanitariya batalonida evakuatsiya bo‘linmasi komandiri bo‘lgan.
Harakatdagi armiya tarkibida fashizmga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etganligi uchun va xizmat faoliyati davomida “Qizil Yulduz” ordeni, “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Venani ishg‘ol etganligi uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun”, “I va II darajali benuqson xizmatlari uchun”, “Armiya va Flotga 30 yil”, “Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabaga 40 yil” medallari bilan taqdirlangan.