RYABUXIN IVAN MIXAYLOVICH
Polkovnik Ryabuxin Ivan Mixaylovich, 1926-yil 23-oktabrda Rostov viloyatining Chernishev tumanidagi Chernishev stansiyasida tug‘ilgan, millati rus, ma’lumoti oliy, 1952-yilda Surxondaryo viloyatidagi o‘rta maktabning 10-sinfini, 1967-yilda Qarshi pedagogika institutini tamomlagan.
1943-yil dekabrda O‘rta Osiyo harbiy okrugining Kushka shahridagi 20-snayper o‘qchilari okrug maktabi kursanti bo‘lgan. 1944-yilning avgust oyida Moskva harbiy okrugidagi 22-gvardiya havo-desant diviziyasining kotib-kaptenarmusi, 1944-yilning dekabr oyidan 1945-yilning avgust oyigacha Markaziy qo‘shinlar guruhi 2- va 3-Ukraina frontlari tarkibidagi 114-gvardiya o‘qchilar diviziyasi 357-gvardiya o‘qchilar polkining bo‘linma komandiri o‘rinbosari bo‘lgan.
Harakatdagi armiya tarkibida fashizmga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etganligi uchun va xizmat faoliyati davomida “Qizil Yulduz”, “III darajali Shon-sharaf” ordenlari, “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Venani ishg‘ol etganligi uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun”, “Jasurligi uchun”, “Harbiy jasorati uchun”, “I darajali benuqson xizmatlari uchun”, “Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabaga 20 yil”, “Armiya va Flotga 30 yil”, “Qurolli Kuchlarga 40, 50 va 60 yil” medallari bilan taqdirlangan.