NAURUZBAYEV INOYAT
oddiy askar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi O‘ahramoni(22.02.1944)
U 1918-yil 10-sentabr, Karl Marks ovuli, hozirgi Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. O‘zbek. (boshqa manbalarga ko‘ra – qozoq). Maktabning 4-sinfini tugatgach, To‘rtko‘l shahridagi avtobazada ishlagan.
1941-yil sentabr oyida Qoraqalpoq Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi To‘rtko‘l tumani harbiy komissariyati tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirilgan va shu vaqtdan frontda qatnashgan.
Dnepr uchun bo‘lgan jangda jonbozlik ko‘rsatgan. 1943-yil 2-oktabrda Dneprni birinchilardan bo‘lib kechib o‘tib, pulemyot hisobi tarkibida egallangan pozitsiyasini himoya qiladi va boshqa bo‘linmalar va moddiy ta’minot qismlariga daryoni kechib o‘tishga imkoniyat yaratib beradi. 1943-yil 17-oktabrda Kreshatik qishlog‘i uchun kechgan tungi jangda, dushmanning jangovar qo‘riqlovi yo‘q qilinib, pulemyot hisobi bilan qishloqqa yorib kiradi. Shiddatli jang natijasida dushmanning muhim mustahkamlangan nuqtasi egallanadi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 22-fevraldagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini na’munali bajarganligi hamda ko‘rsatilgan jasorati va qahramonligi uchun”, oddiy askar Nauruzbayev Inoyat Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Qoraqalpoq Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi «Leningrad» kolxozida yashagan. 1999-yil 29-aprelda vafot etgan.