QOLDIKQORAYEV JUMAGALI

oddiy askar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (15.01.1944)

1922-yilning 28-martida hozirgi Qoraqalpog‘istonning Xojeyli tumanidagi Ivan-Yab qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ilgan. Qozoq.
Мa’lumoti – tugallanmagan o‘rta. 1937-yildan Turkmaniston SSRning Toshhauz viloyati Kalininskiy tumanidagi Kirov kolxozida yashab, mehnat qilgan. Kurslarni tugatgach, traktorchi bo‘lib ishlagan.
1941-yilida Qizil Armiya safiga chaqirilgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Dnepr daryosini jang bilan kechib o‘tishda, o‘ng qirg‘oqda platsdarmni ushlab turishda jonbozlik ko’rsatgan. 1943-yilning 27-sentabriga o‘tar kechasi uchta tankka qarshi qurol hisobi tarkibida birinchilardan bo‘lib, Komаrin qishlog‘idan (hozirgi Gomel viloyatining Bragin tumanidagi qishloq) Dneprning o‘ng qirg‘og‘iga kechib o‘tadi. Dushman transheyalarini bir qismini bosib olib, o’z rotasini daryodan kechib o‘tishga ko’maklashadi.
Ushbu jang uchun 1943-yilning oktabr oyida unga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berilgan. Ammo mukofotni olishga ulgurmaydi. 1944-yilning 26-yanvarida Mozir shahri (Belоrusiyaning Gomel viloyati) yaqinidagi jangda halok bo‘ladi. Mozir shahriga dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 15-yanvaridagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarni namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun” oddiy askar Jumagali Qaldiqkorayev Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI