КOSHELEV NIKOLAY IVANOVICH
leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (10.03.1944)
1916-yil 25-dekabrda Dmitriyevsk qo‘rg‘oni (hozirgi Makeyevka shahri) Donetsk Xalq Respublikasida tug‘ilgan.
Zavod tasarrufidagi maktabni tugatgach Qashqadaryo viloyati G‘uzor mashina-traktor stansiyada ishlagan.
1943-yil iyun oyida Qizil Armiya safiga chaqirilgan. 1943-yilda Xarkov tank bilim yurtini tamomlagan. Ikkinchi jahon urushida G‘arbiy front 21-armiya, 248-alohida tank polkining tank rotasiga komandirlik qilgan. Smolensk viloyatini ozod etishda jonbozlik ko‘rsatgan.
1943-yilning 7-avgustidan 16-sentabri
gacha, Yelnya yaqinidagi bo‘lgan janglarda bir necha bor jonbozlik ko‘rsatgan.
Delyachino qishlog‘i yaqinida bo‘lgan jangda uning tankiga snaryad tegib zararlanganiga qaramay jangni davom ettiradi va dushmanning 2ta tankini, 3ta tankka qarshi orudiyasini yakson qiladi va anchagina askar va ofitserlarini qirib tashlaydi. Jdanov qishlog‘i uchun bo‘lgan jangda dushmanning 3ta tankni, 1ta o‘zi yurar artilleriya orudiyasini, 1ta dotini, 1ta dzotini, 4ta pulemyotini, 30ga yaqin askar va ofitserlarini yo’q qiladi. Vava qishlog‘i uchun bo‘lgan jangda Koshelevning tanki yana zararlanadi, ammo ekipaj jangni davom ettiradi.
1943-yil 16-sentyabr kuni Koshelev tanki bir necha joyidan snaryad tegib teshiladi, butun ekipaji halok bo‘ladi, Koshelev yonib turgan tank ichidan chiqib, piyodalar safida jangni davom ettiradi, jangda halok bo‘ladi. Yelnya shahrida birodarlik qabristoniga dafn etiladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yilning 10-martidagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, leytenant Кoshelev Nikolay Ivanovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.