XABIYEV VILDAN SAIDOVICH

serjant, Ikkinchi jahon urush qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (30.10.1943)

1924-yil 10-sentabrda Ulyanovsk viloyati, Starokulatkinsk tumani, O‘rta Teryoshka qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Tojik. O‘rta maktabning 7-sinfini tamomlagan. U O‘zbekiston SSR Andijon viloyatining Moskva qishlog‘ida (hozirgi Shaxrixon shahri) poyabzal fabrikasida ishlagan.
Markaziy frontning 65-Armiyasi, 193-o‘qchi Qizil Bayroq diviziyasi 685- o‘qchi polkining minomyotchilar bo‘linmasi komandiri bo‘lgan.
1942-yildan Qizil Armiya safida, 1943-yil apreldan Ikkinchi jahon urushida jang qilgan. Markaziy frontning 65-Armiyasi, 193-o‘qchi Qizil Bayroq diviziyasi 685- o‘qchi polkining minomyotchilar bo‘linmasi komandiri serjant Vildan Xabiyev qo‘lga olish guruhi tarkibida 1943-yil 15-oktabrda Ukrainaning Chernigov viloyati Repkinskiy tumanidagi Kamenka qishlog‘ida Dnepr daryosidan kechib o‘tdi. Desantchi-jangchilar Dneprning o‘ng qirg‘og‘idagi platsdarmi egallab olishdi va dushmanning barcha qarshi hujumlarini qaytarishdi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 30-oktabrdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, serjant Xabiyev Vildan Saidovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
U 1944-yilda kichik ofitserlar kurslarini tugatib, ofitser bo‘ldi.
1945-yil 11-martda jangda qahramonlarcha halok bo‘ldi.
Andijon viloyati, Shaxrixon shahridagi istirohat bog‘da Vildan Xabiyevning byusti, 5-maktabda esa yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI