KOLESNIKOV PIMEN GRIGORYEVICH
polkovnik, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (18.08.1945)
1906-yil 11-iyulda Nikolayevda tug‘ilgan. 1931-yil Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan.
Ikkinchi jahon urushida 2-Belorussiya fronti 4-havo armiyasi 4-shturm aviatsiyakorpusi 199-shturm aviatsiya diviziyasi katta shturmani bo‘lgan. Volxov, Janubiy, Shimoliy Kavkaz, Zakavkaziya, G‘arbiy, 1-2-Belorussiya frontlaridagi janglarda qatnashgan va ularning birida dushman tomonidan urib tushurilgan.
Urushda qatnashganda, harbiy texnikalar va dushmanlarning tirik kuchlarini yo‘q qilish hamda harbiy texnikalarining jamlangan hududlariga hujum qilish uchun 104 marta jangovar parvozni amalga oshirgan va dushmanga katta zarar yetkazgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 18-avgustdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarni namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, polkovnik Kolesnikov Pimen Grigoryevich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1996-yil 26-noyabrda vafot etgan, Minskning Shimoliy qabristoniga dafn etilgan.