QARSHIYEV QO‘CHQOR
katta serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (29.06.1945)
1923-yilda Tangi-tepa (hozirgi Samarqand viloyati Ishtixon tumani) qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktab-internatda o‘qigan. Kolxozda traktorchi bo‘lib ishlagan. 1942-yilda Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. 1945-yilning yanvariga qadar 78-o‘qchilar diviziyasining (2-Ukraina fronti, 27-armiya, 35-gvardiya o‘qchilar korpusi) 407-alohida tankga qarshi qiruvchi diviziyasida orudiya komandiri bo‘lgan. Ukraina SSR va Vengriyani ozod qilishda jonbozlik ko‘rsatgan.
Janglarning birida, Qarshiyev hisobining barchasi safdan chiqqanda, yolg‘iz o‘zi o‘q otishni davom ettiradi va bir nechta dushman tanklari va zirhli texnikalarini yakson qiladi. Solotvino shahri uchun olib borilgan janglarda Qarshiyev hisobi 1ta tank, 1ta zirhli transport vositasi va 10 dan ortiq nemis askarlari va ofitserlarini yo‘q qiladi. Budapesht chetidagi janglarda va shahar markazida bo‘lgan janglarda bir necha bor jonbozlik ko‘rsatgan.
1945-yilning 5-fevralida u jangda vafot etdi. Budapeshtda dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yilning 29-iyunidagi Farmoniga binoan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda jangovar topshiriqlarni namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, katta serjant Qo‘chqor Qarshiyev Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.