IKKINCHI JAHON URUSHI

          Halokatli Ikkinchi jahon urushi 20–30-yillar chegarasida jahonning asosiy mintaqalarini qamrab olgan chuqur siyosiy va iqtisodiy tanglikning oqibati edi. Lekin harbiy zo‘ravonlikning ortishida Yevropa, Osiyo va AQSh mamlakatlari hukmron doiralarining geosiyosiy da’volari ham sezilarli rol o‘ynadi. G‘arb mamlakatlari hukmron doiralarining Olmoniya bilan «Murosasozlik» siyosati Avstriyaning Olmoniya tarkibiga qo‘shib olinishiga (1938-y. mart) va Myunxen bitimiga (1939-yil sentabr) yo‘l ochib berdi. Bu esa Ikkinchi jahon urushining boshlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. 1939-yil 1-sentabr kuni fashistlar Olmoniyasining Polsha mamlakatiga hujumi bilan Ikkinchi jahon urushi boshlandi. 1939-1940 yillar mobaynida fashistlar Olmoniyasi Polsha, Norvegiya, Fransiya, Belgiya, Gollandiya, Daniya, Lyuksemburgni bosib oldi. 1939-yilda boshlangan Ikkinchi jahon urushi sababli vujudga kelgan halqaro vaziyatga xalqimizning botir farzandlari ham jalb etilib, ular Xolxingol, Xasan ko‘li, Finlyandiya urushlarida ham ishtirok etganlar. 1941-yil 22-iyun yakshanba kuni tong soat 4:00 da fashistlar Germaniyasi hujum qilmaslik haqidagi sovet-german shartnomasini buzib, Sovet Ittifoqiga “Barbarossa” rejasi asosida hujum boshladi. Sovet Ittifoqi xalqlari, shu jumladan O‘zbekiston xalqi uchun og‘ir sinovlar davri va ularning fashist-fashist bosqinchilariga qarshi fidokorona kurashi boshlandi.

FOTO LAVHALAR

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi video lavha

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi video lavha

O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushiga qo'shqan hissasi

«BARBAROSSA» REJASI

BARBAROSSA REJASI

«BARBAROSSA» REJASI («Barbarossa Fall») — fashistlar Germaniyasining sobiq Sovet Ittifoqiga qarshi urush ochish rejasining shartli nomi bo‘lib, 1940-yil 21-avgustda ishlab chiqilgan va shu yil 18-dekabrda tasdiqlangan. Unda Dnepr va G‘arbiy Dvina daryolaridan g‘arbroqdagi hududda Qizil Armiyaning asosiy kuchlarini yashin tezligida tor-mor qilib, Arxangelsk-Volga-Astraxon chizig‘iga chiqish, 2-3 oy ichida urushda g‘alaba qozonish mo‘ljallangan edi. Sobiq Ittifoq xalqlarining matonati va behisob qurbonlar evaziga «Barbarossa rejasi» barbod bo‘ldi.

FOTO LAVHALAR

"Barbarossa" REJASINI yaratishda ishtirok etgan shaxslar

F. Paulyus

A. Yodel

V. Varliment

video galereya

GERMANIYA, ITALIYA VA YAPONIYANING AYBI BILAN BOSHLANGAN JAHON TARIXIDAGI ENG YIRIK URUSH

   20-asr fojiasi sifatida insoniyat tarixiga kirdi. Bu urushning kelib chiqishida asosiy rolni fashistlar GERMANIYA oʻynadi. Gʻarb mamlakatlari (Angliya, Fransiya, AQSH) hukmron doiralarining «kelishtirish» siyosati Avstriyani (1939-yil mart), Chexoslovakiyani (1939-yil mart) GERMANIYAga qoʻshib olinishiga va Myunxen bitimiga (1939-yil sentabr) yoʻl ochib berdi. Ikkinchi jahon urushining boshlanishida SSSRning ham aybi bor. 1939-yil 23-avgustda SSSR bilan Germaniya oʻrtasida 10-yil muddatga hujum qilmaslik toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. Bu shartnomaning maxfiy qoʻshimcha ahdnomasiga muvofiq, Germaniya va SSSR Sharqiy Yevropada oʻzlarining taʼsir doiralarini boʻlib oldilar. Har ikki mamlakat manfaatlari, avvalo, Polsha davlati bilan bogʻliq edi. Sovet tomoni Gʻarbiy Ukraina, Gʻarbiy Belorussiya va Bessarabiya (1921-yilda boy berilgan) hududlarini qaytarib olmoqchi edi. Shuningdek, Germaniya Boltiqboʻyi mamlakatlariga daʼvo qilishdan ham voz kechdi.

   GERMANIYA bilan SSSR shartnomaga muvofiq, Polshaga bir vaqtda qoʻshin kiritishlari kerak edi. SSSR bu majburiyatni bajarmadi. 1939-yil 1-sentabrda Germaniyaning bir oʻzi Polshaga bostirib kirdi va Ikkinchi jahon urushini boshlab berdi. 3-sentabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. SSSR 1939-yil 17-sentabrda Polsha hududiga qoʻshin kiritdi. Koʻp oʻtmay Brestda olmon qoʻmondoni T.Guderian va sovet generali S.M.Krivoshey qoʻmondonligida Polshaning boʻlib olinishi munosabati bilan qoʻshma sovet-olmon paradi oʻtkazildi.

    SSSR Ikkinchi jahon urushi bahonasida oʻz hududlarini kengaytirish va chegaralarini mustahkamlashga kirishdi. 1939-yil noyabr – 1940-yil martda SSSR bilan Finlyandiya oʻrtasida harbiy toʻqnashuv boʻldi. Bundan SSSR manfaatdor edi. Oʻzaro urush natijasida SSSR Finlandiyaning bir qator hududlarini (Leningradga chegaradosh yerlarni) tortib olib, shimoliy – gʻarbiy chegaralarini mustahkamlab oldi. 1940-yil yozida SSSR ning rasmiy talabi bilan Ruminiya Bessarabiya va Shimoliy Bukovinani sovetlarga berishga majbur boʻldi. 1940-yil iyunda Estoniya, Latviya va Litva sovet qoʻshinlari tomonidan bosib olinib SSSRga kiritildi.

1940-yil aprel–may oylarida fashist-fashist qoʻshinlari Daniya va Norvegiyani istilo qildi, 1940-yil 14-mayda –Niderlandiya, 28-mayda – Belgiya taslim boʻldi. Shundan soʻng fashist qoʻshinlari Lyuksemburg va Gollandiyani bosib olib, ular hududi orqali Fransiyaga (22-iyunda taslim boʻldi) bostirib kirdi.

    Sovet hukumati fashistlar Germaniyasini Yevropaning navbatdagi poytaxtini bosib olishi munosabati bilan tabriklab bordi. Internatsionalning direktivalarida fashizmga qarshi targʻibotni toʻxtatish haqidagi talablar paydo boʻldi. 1940-yil 27-sentabrda Germaniya, Italiya va Yaponiya davlatlari Berlinda «Uchlar Ittifoqi«ni tuzish haqidagi shartnomaga imzo chekishdi. 1940-yil 28-oktabrda fashistlar Italiyasi Gretsiyaga bostirib kirdi. 1940-yil 20–24 noyabrda Mojariston, Ruminiya va Slovakiya «Uchlar Ittifoqi»ga qoʻshildi. 1941-yil martda esa Bolgariyaning monarxiya-fashistik hukumati ham bu ittifoq safiga koʻshilishga rozilik bildirdi.

    1940-yil 18-dekabrda Gitler, SSSRga qarshi urush haqidagi 21-sonli direktivasi «Barbarossa» rejasiga imzo chekdi. Fashistlar Olmoniyasi SSSRga qarshi urush boshlashdan oldin 1941yil 6–17 aprelda Yugoslaviyani bosib oldi. Shu yilning 13-aprelda SSSR, Yaponiya bilan betaraflik haqida kelishib oldi. 1941-yil 20-may – 1 iyunda fashistlar Germaniyasi Kritoni egalladi. 18-iyunda esa hujum qilmaslik va hamkorlik haqida Germaniya–Turkiya shartnomasi imzolandi.

    1941-yil 22-iyunda fashistlar Germaniyasi SSSRga qoʻqqisdan hujum boshladi. Mojariston, Ruminiya, Finlyandiya, Italiya uning tomonida turib urushga kirdi. Shu kuni Angliya hukumati SSSRni Germaniyaga qarshi urushda qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. 24-iyunda Franklin Ruzvelt AQSH hukumati SSSRga yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi. SSSR Germaniyaga qarshi urushning 1-davrida (1941-yil iyun – 1941-yil noyabr) asosan, mudofaa harakteridagi janglar olib bordi.

    Fashistlar Germaniyasi va ittifoqchilar tajovuzkorona harakatining tobora avj olishi, jahon mamlakatlarini tashvishga soldi. 1941-yil yozda, fashistlar Germaniyasiga qarshi koalitsiya tuzish yoʻlida dastlabki qadam qoʻyildi. 1941-yil 12-iyulda SSSR va Buyuk Britaniya hukumatlari fashistlar Germaniyasiga qarshi urushda birgalikda harakat qilish haqida kelishib olishdi. 1941-yil 24-sentabrda Shls Goll boshchiligida Ozod Fransiya (1942-yil iyuldan kurashayotgan Fransiya) milliy qoʻmitasi tuzilib, fashizmga qarshi kurash boshladi. 1941-yil 5-dekabrda fashist-fashist qoʻshinlarining Moskva jangidagi magʻlubiyati, Gitlerning «yashin tezligidagi urush« deb atalmish rejasini puchga chiqardi va natijada unga qarshi urushga kirgan mamlakatlar soni ortdi.

    1941-yil 7-dekabrda Yaponiya Pyorl Harborga hujum qilish bilan, Buyuk Britaniya va AQShga qarshi urushni boshlab yubordi. 8-dekabrda AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar, Yaponiyaga, 11-dekabrda esa Germaniya va Italiya – AQSHga, shu kuni AQSH, fashistlar Germaniyasi va Italiyaga qarshi urush eʼlon qildi.

    1941-yil oxiri – 1942-yil boshida Yaponiya – Malayziya, Indoneziya, Filippin, Birmani bosib olib, Avstraliyaga tahdid sola boshladi. Sharqiy frontda esa Germanfashist qoʻshinlari yozgi hujumlar natijasida Kavkaz boʻsagʻasiga, Volga boʻyiga yetib keldi.

    1942-yil 1-yanvarda Vashingtonda 26 davlat ishtirokida fashizmga qarshi kurashuvchi davlatlarning harbiy ittifoqi tuzilib, Deklaratsiya qabul qilindi. 1942-yil 26-mayda SSSR va Buyuk Britaniya oʻrtasida fashistlar Germaniyasi va uning Yevropadagi tarafdorlariga qarshi urushda ittifoqchi boʻlish va urushdan keyin oʻzaro yordam va hamkorlik qilish haqida shartnoma imzolandi. 1942-yil yoz oylarida antigitlerchi davlatlar soni yanada ortdi. 1-iyunda Meksika – Germaniya, Italiya va Yaponiyaga, 22-avgustda Braziliya – Olmoniya va Italiyaga, 14-dekabrda Efiopiya– Germaniya, Italiya va Yaponiyaga qarshi urush eʼlon qildi. Sharqda esa yapon militaristlari Gollandiya, Hindiston (12-mart), Filippin orollarini (9-iyun) qoʻlga kiritdi.

Sovet qoʻshinlari urushning 2-davri (1942-yil noyabr– 1943-yil oxiri) da Stalingrad jangi va Kursk janglaridagi gʻalabalari natijasida Germaniya qoʻshinlari qoʻmondonligi strategik tashabbusini butunlay qoʻldan chiqardi. SSSRda navbatdagi hududlarda qarshilik koʻrsatish harakati avj oldi. 1943-yil 13-yanvarda Gitler urushda tashabbusni yana qoʻlga olish maqsadida ommaviy safarbarlik eʼlon qildi, lekin shunga qaramasdan 1943-yil may oyiga kelib Shimoliy Afrika (Shimoliy Afrika kompaniyasi), Angliya – AQSH qoʻshinlari tomonidan ozod qilindi. 1943-yil iyul–avgust oylarida Angliya, Amerika desant qoʻshinlarini Sitsiliya orolga tushirdi. 1943-yil 25-iyulda Italiyada, Mussolini osib oʻldirildi va fashistlar rejimi tugatildi. 3 sentabrda Italiya soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi.

1943-yilga kelib fashizmga qarshi boʻlgan kuchlar tobora kuchayib bordi. 1943-yil 3-iyunda Jazoirda, Fransiya milliy ozodlik qoʻmitasi tuzildi. 12–13 iyulda Germaniyada, Ozod Germaniya milliy qoʻmitasi tashkil qilindi. Avgust– sentabr oylarida Bolgariya vatanparvarlari frontining milliy qoʻmitasi yuzaga keldi. 1943-yil sentabr–oktabr oylarida partizanlar bilan kurashayotgan Fransiya harakati bo‘linmalari hamkorligida, Korsika oroli ozod etildi. 1943-yil 16-yanvarda Iroq, 7-aprelda Boliviya Germaniya, Italiya va Yaponiyaga qarshi urushga kirdi. 1943-yil 13-oktabrda Italiya oʻzining sobiq ittifoqchisi Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. SSSR, Angliya va AQSH hukumatlari Italiyani «birgalikda kurashayotgan mamlakat» deb tan oldi. 1943-yil 27-noyabrda Kolumbiya Germaniyaga qarshi urushga qoʻshildi. SSSR, AQSH va Angliya hukumat boshliqlari Tehron konferensiyasiga Angliya – Amerika qoʻshinlarini Shimoliy Fransiyaga tushirish yoʻli bilan Yevropada ikkinchi frontni ochish gʻoyatda muhim ekanligini tan olishdi.

Fashizmga qarshi urushning 3-davri (1944-yil yanvar– 1945-yil may) boshlarida sovet qoʻshinlari SSSR hududining deyarli barchasini ozod qildi. Ittifoqchilar 1944-yil 6-iyunga kelibgina Fransiyaga oʻz qoʻshinlarini tushirib, Yevropada ikkinchi frontni ochdilar va sentabrda Fransiya qarshilik koʻrsatish harakati kuchlarining faol ishtirokida Fransiya hududining deyarli barchasi fashist bosqinchilaridan ozod qilindi. 1944-yil 27-martda sovet qoʻshinlari Ruminiya hududiga kirib bordi. 13-martda SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya hukumatlari Germaniya tomonida turib kurashayotgan Mojariston, Ruminiya, Bolgariya va Finlyandiyaga urushni toʻxtatish haqida murojaat qildi. Natijada bu mamlakatlarda fashizmga qarshi boʻlgan kuchlar harakati faollashdi. 1944-yil mayda Ruminiyada fashizmga qarshi Birlashgan ishchilar fronti, Mojaristonda esa Vatanparvar kuchlar fronti (2-dekabrdan Milliy mustaqillik fronti) yuzaga keldi. 21-iyulda Polshada Milliy ozodlik qoʻmitasi tashkil topdi.

    1944-yil 25-iyulda Gitler mamlakatda «Yalpi ommaviy safarbarlik» eʼlon qildi. Gitlerning bu tadbiri ham yordam bermadi. U bosib olgan mamlakatlarda ozodlik harakatlari avj oldi.

1944-yil 2-oktabrda Varshavada, 19–25 avgustda Parijda, 23-avgustda Ruminiyada, 6– 10 sentabrda Bolgariyada fashist bosqinchilariga qarshi qurolli qoʻzgʻolonlar boshlandi. Natijada, jahon urushi maydonida kuchlar nisbati tubdan oʻzgardi. Olmoniya ittifoqchilari oʻrtasida parokandalik boshlandi. 1944-yil 26-yanvarda Liberiya, 24-avgustda Ruminiya, 15-sentabrda Finlyandiya, 28-dekabrda Mojariston, 1945-yil fevralda Peru, Urugvay, Venesuela, Turkiya, Misr, Livan, Suriya, Saudiya Arabistoni, Paragvay, Ekvador, Chili kabi mamlakatlar, 27-martda esa Argentina, fashistlar Olmoniyasi va Yaponiyaga qarshi urush eʼlon qildilar.

     Sovet qoʻshinlari 1944-yil oʻrtalarida Markaziy va Janubiy-Sharqiy Yevropa mamlakatlarini, vatanparvar kuchlar yordamida ozod qilishga kirishdi. Shu yili ittifoqchi qoʻshinlar, Shimoliy Italiyani va Gʻarbiy Olmoniyaning bir qator hududlarini ozod qildi. 1945-yil 4–11 fevralda SSSR, AQSH va Angliya davlat rahbarlari ishtirokida boʻlgan Qrim (Yalta) konferensiyasida, Olmoniyani batamom tor-mor qilish rejalari, shuningdek, dunyoning urushdan keyingi siyosiy tuzilishi masalalari xususida kelishib olindi.

       Amerika–Angliya qurolli kuchlari Tinch okeanidagi Marshall va Mariana orollarini (1944), Filippinni va Yaponiyaning Okinava orolini (1945) egalladi. 1945-yil 25-aprelda Sovet va Amerika qo‘shinlari, Elba daryosi bo‘yida uchrashdi. 3-mayda Angliya qoʻshinlari Birma qarshilik harakati kuchlari bilan hamkorlikda poytaxt – Rangunni ozod qildi.

1945-yil 2-mayda Sovet qoʻshinlari Berlinni ishgʻol qildi. A.Gitler oʻz joniga qasd qildi. 8-mayda Berlin yaqinidagi Karlsxorstda, Olmoniya oliy qoʻmondonligi vakillari fashistlar Olmoniyasining Ikkinchi jahon urushida soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi. 9-mayda sovet qoʻshinlari, chex qarshilik harakati kuchlari ishtirokida Chexoslovakiyaning poytaxti Pragani ozod qildi.

SSSR, AQSH va Angliya xukumatlari boshliqlarining Berlin konferensiyasiga asosan, Olmoniya masalasi, uning keyingi taqdiri va taraqqiyot yoʻli, uni demilitarizatsiyalash va demokratiyalash masalasi koʻrildi. Konferensiyada SSSR hukumati Yaponiyaga qarshi ittifoqchilar bilan birgalikda urushga kirishini yana bir bor taʼkidladi. AQShning havo kuchlari harbiy zaruriyat yoʻqligiga qaramay Yaponiyaning Xirosima (1945-yil 6-avgust) va Nagasaki (9-avgust) shaharlariga atom bombalari tashladi. Buning natijasida har ikki shahar aholisidan 102 mingga yaqin kishi halok boʻldi, 16 ming kishi bedarak yo‘qoldi, 61 ming kishi yarador  bo‘ldi va 324 ming kishi kuchli radiatsiya bilan zaharlandi.

1945-yil 8-avgustda SSSR olgan majburiyatiga binoan Yaponiyaga urush eʼlon qildi va 9-avgustda unga qarshi harbiy harakatlarni boshladi. SSSR bilan birgalikda, 10-avgustda Mongoliya Xalq Respublikasi (MXR), 11-avgustda Xitoy xalq ozodlik armiyasi, yapon bosqinchilariga qarshi urushga kirishdi.

Manjuriyadagi yapon qoʻshinlari sovet armiyasi tomonidan tor-mor qilingach, Yaponiya 1945-yil 2-sentabrda soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatni imzoladi. Shu tariqa Ikkinchi jahon urushiga yakun yasaldi.

Nyurnberg sud jarayoni (1945-yil 20-noyabr – 1946-yil 1-oktabr)da natsist harbiy jinoyatchilari ustidan xalqaro sud oʻtkazilib, unda 20 kishi: G. Gering (u oʻzini oʻldirdi), V. Keytel, E. Kaltenbrunner, I. Ribbentrop, G. Gess va boshqalar adolatli jazolandi. Fashist tashkilotlari: Milliy-sotsialistik partiya (natsistlar), Gestapo, SS, SD, butun insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyatchi tashkilotlar deb eʼlon qilindi. Nyurnbergda boʻlib oʻtgan bu xalqaro sud, Ikkinchi jahon urushiga soʻnggi nuqtani qoʻydi.

Ikkinchi jahon urushiga 72 davlat jalb etildi. Ishtirokchi mamlakatlarning 110 mln. aholisi urushga safarbar etildi. Harbiy harakatlar 40 davlat hududida boʻlib oʻtdi, barcha harajatlar 4 trillion dollarni tashkil etdi. Urush davomida 62 mln. kishi (shu jumladan 27 mln. SSSR fuqarosi) halok boʻldi.

    1941-yil 22-iyunda Olmoniya, SSSRga hujum qilgach, SSSR tarkibida boʻlgan Oʻzbekiston xalqlari ham bu urush girdobiga majburan jalb etilgan edi. Oʻsha kuni mamlakatda harbiy holat joriy etildi.

Fashistlarning Sharqqa doir harbiy rejalarida SSSRni qisqa muddatli kompaniya jarayonida magʻlub qilish va urushni 1941-yil kuzida tamomlash moʻljallangan edi. Yashin tezligida boshlangan urush sovet rahbariyatida sarosimani yuzaga keltirdi. 29-iyundagina Xalq Komissarlari Soveti (XKS) nomidan joylarga koʻrsatmalar yuborildi. I. V. Stalin faqat 3-iyuldagina xalqqa murojaat bilan chiqdi.

     1941-yil 30-iyunda Davlat mudofaa qoʻmitasi (DMQ) tuzildi. Uning raisi I.V.Stalin, 8-avgustda SSSR Qurolli kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni lavozimini egalladi. Urushning dastlabki kunlari mamlakatning barcha iqtisodiy-maʼnaviy kuchlarini zudlik bilan mudofaa manfaatlariga boʻysundirish, xalq xoʻjaligini toʻliq harbiy izga solish lozimligi xususida qarorlar, koʻrsatmalar qabul qilindi.

    Urush davrining musibatlarini oʻz boshidan kechirgan kishilarning xotiralaridan maʼlum boʻlishicha, odamlar oʻsha vaqtda sovet rejimini himoya qilish haqida o‘ylashmas edi. Xalqning aksariyat qismi mustabid tuzumni qoralar edi. Chunki, xalqning xotirasidan hali Turkiston Muxtoriyatining qonga belanganligi, istilochilik harakatining zoʻravonlik bilan bostirilishi, diniy eʼtiqod uchun taʼqib qilishlar yoddan chiqmagandi. Jamoalashtirishning stalincha zoʻravonlik bilan amalga oshirilishi natijasida yuz bergan jinoyatlar xotiradan koʻtarilmagan edi. Mustabid tuzumning ommaviy qatagʻonlaridan qolgan yaralar hali bitmagan edi. Biroq oʻzbek xalqining fashizmga boʻlgan nafrati mustabid tuzum yetkazgan gʻam-alamni orqaga surib qoʻydi. Xalqimiz dushmanga qarshi jangga otlandi. Shuningdek, mustabid tuzumning «mafkura mashinasi» ham benuqson ishladi – u SSSR tarkibidagi barcha mustamlaka xalqlarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qila oldi. Oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtirokining axloqiy-maʼnaviy jihatdan asosi shundaki, bu urushda oʻzbek xalqi fashizmdan faqat SSSRni emas, eng avvalo, Oʻzbekistonni himoya qilishni, uni yana bir bosqichdan saqlab qolishni maqsad qilib qoʻygan edi.

Hujjatlar to'plami